G‘ildirak: XPlus’ni bepul olish bo‘yicha to‘liq qo‘llanma
Har kuni g‘ildirakni aylantiring, bo‘laklar yig‘ing va 1, 3 yoki 7 kunlik XPlus’ni bepul oling. Qoidalar, ehtimolliklar, seriya bonusi, bo‘laklar kamayishi va foydali maslahatlar.

xTanishuv’da XPlus obunasini pul to‘lamasdan ham olish mumkin. Buning uchun har kuni G‘ildirakni aylantirib, bo‘laklar yig‘asiz. Yig‘ma to‘lganda 1, 3 yoki 7 kunlik XPlus sizniki bo‘ladi. Ushbu maqolada g‘ildirak qanday ishlashi, bo‘laklar qanday yig‘ilishi va mukofotni qanday olish batafsil tushuntiriladi.

G‘ildirakni qayerdan topasiz
- Ilovani oching - Asosiy sahifa ko‘rsatiladi.
- “Har kuni” blokidagi “Kunlik g‘ildirak” kartasini bosing.
- G‘ildirak sahifasi ochiladi: tepada g‘ildirak, uning ostida “Aylantirish” tugmasi va “Yig‘malar” ro‘yxati.
Bugun aylantirgan bo‘lsangiz, kartada keyingi aylantirishgacha qolgan vaqt (masalan, 20:21:23) va eng yaqin yig‘mangiz holati ko‘rsatiladi.

G‘ildirak qanday ishlaydi
G‘ildirak 24 soatda bir marta aylantiriladi. U 12 ta teng bo‘lakka (sektorga) bo‘lingan:
1 kunlik XPlus bo‘lagi - 4 ta sektor.
3 kunlik XPlus bo‘lagi - 3 ta sektor.
7 kunlik XPlus bo‘lagi - 2 ta sektor.
Bo‘sh - 3 ta sektor.
Ya‘ni har to‘rt aylantirishdan uchtasida bo‘lak tushadi.
Sektorlar o‘lchami haqiqiy ehtimollikka teng: g‘ildirakda qaysi rang qancha joy egallasa, unga tushish imkoniyati ham shuncha. Natijani server tanlaydi, g‘ildirak esa shu natijaga borib to‘xtaydi - natijani oldindan bilish yoki o‘zgartirish mumkin emas.
Bilib qo‘yingSektorlardagi raqam (1, 3, 7) - shu bo‘lak qaysi yig‘maga tushishini bildiradi. Chizilgan doirali sektorlar - bo‘sh.
Bo‘laklar va yig‘malar
Har bir mukofot uchun alohida yig‘ma bor. Tushgan bo‘lak o‘z yig‘masiga qo‘shiladi:
1 kunlik yig‘ma - 5 ta bo‘lak, mukofot: 1 kunlik XPlus.
3 kunlik yig‘ma - 8 ta bo‘lak, mukofot: 3 kunlik XPlus.
7 kunlik yig‘ma - 9 ta bo‘lak, mukofot: 7 kunlik XPlus.
Har bir yig‘maning holati “Yig‘malar” ro‘yxatida ko‘rsatiladi, masalan 3/5 - beshtadan uchta bo‘lak to‘plangan.
Agar yig‘ma allaqachon to‘lgan bo‘lsa, unga ortiqcha bo‘lak tushmaydi - g‘ildirak boshqa natijaga to‘xtaydi. Shuning uchun to‘lgan yig‘mani o‘z vaqtida olib qo‘ygan ma‘qul.
Seriya bonusi: har 7-kun - ikki baravar
G‘ildirakni ketma-ket aylantirgan har bir kun seriyangizga qo‘shiladi. Seriya sahifaning yuqori o‘ng burchagidagi olov belgisida ko‘rsatiladi (masalan, 10 kun).
Har 7-kun - 7, 14, 21 va hokazo - seriya bonusi kuni:
G‘ildirak bo‘sh chiqmaydi.
Bitta emas, 2 ta bo‘lak tushadi.
Bonusgacha necha kun qolgani sarlavha ostida yozib turiladi: “Seriya bonusigacha 3 kun”. Bonus kuni esa “Bugun seriya bonusi: bo‘sh chiqmaydi, 2 ta bo‘lak!” yozuvi chiqadi.
MaslahatSeriya faqat aylantirilmagan kunlar 48 soatdan oshib ketsa uziladi. Bo‘sh chiqqan kun ham seriyaga qo‘shiladi - muhimi, har kuni aylantirish.
Mukofotni olish
- Yig‘ma to‘lishi bilan “Yig‘ma to‘ldi” oynasi chiqadi.
- “Olish” tugmasini bosing - XPlus darhol faollashadi.
- Oynani yopgan bo‘lsangiz, “Yig‘malar” ro‘yxatida to‘lgan yig‘ma yonida ham “Olish” tugmasi turadi.
Olingan yig‘ma noldan boshlanadi, qolgan yig‘malardagi bo‘laklar saqlanib qoladi.
MaslahatXPlus obunangiz faol bo‘lsa, g‘ildirakdan olingan kunlar joriy muddat oxiriga qo‘shiladi - hech bir kun yo‘qolmaydi.
Muhim qoida: bo‘laklar kamayishi
G‘ildirak har kuni aylantirilishi uchun mo‘ljallangan. Shu sababli:
48 soat davomida aylantirmasangiz, o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun 1 ta bo‘lak kamayadi.
Bo‘lak eng kam to‘plangan yig‘madan olinadi - deyarli tayyor yig‘mangizga birinchi navbatda tegilmaydi.
To‘lgan yig‘maga hech qachon tegilmaydi.
Ketma-ket kunlar seriyasi noldan boshlanadi va seriya bonusigacha bo‘lgan hisob ham qaytadan boshlanadi.
Bo‘lak kamaysa, keyingi kirishingizda “Bo‘lak kamaydi” oynasi qaysi yig‘madan nechta bo‘lak ketganini ko‘rsatadi.
DiqqatBo‘lak kamayishiga oz qolganda Asosiy sahifadagi kartada “Ogohlantirish” yozuvi chiqadi, bot ham eslatma yuboradi. Bir marta aylantirish kamayishni to‘xtatadi.
Qancha XPlus olish mumkin
Har kuni aylantiradigan foydalanuvchi o‘rtacha hisobda:
1 kunlik XPlusni taxminan har 2 haftada.
3 kunlik XPlusni taxminan har 4 haftada.
7 kunlik XPlusni taxminan har 1,5 oyda oladi.
Uchala yig‘ma bir vaqtda to‘lib boradi, seriya bonuslari esa jarayonni yanada tezlashtiradi. Umumiy hisobda bu oyiga o‘rtacha 10 kun bepul XPlus demakdir. Natija tasodifga bog‘liq: ba‘zan yig‘ma tezroq, ba‘zan sekinroq to‘ladi.
Foydali maslahatlar
Har kuni bir xil vaqtda aylantiring. Masalan, ertalab ilovani ochganingizda - shunda seriya uzilmaydi va har 7-kuni bonus olasiz.
Bot eslatmalarini o‘chirmang. Mukofot tayyor bo‘lganda yoki bo‘laklar kamayishiga oz qolganda bot xabar yuboradi.
To‘lgan yig‘mani kechiktirmang. To‘lgan yig‘maga bo‘lak tushmaydi, olib qo‘ysangiz, yangi bo‘laklar yana yig‘ila boshlaydi.
Ovozni sozlang. G‘ildirak sahifasining yuqori o‘ng burchagidagi tugma bilan aylanish ovozini yoqish yoki o‘chirish mumkin.
Ko‘p beriladigan savollar
G‘ildirakni kuniga bir necha marta aylantirsa bo‘ladimi? Yo‘q, 24 soatda faqat bir marta. Keyingi aylantirishgacha qolgan vaqt sahifada ko‘rsatib turiladi.
G‘ildirak pullikmi? Yo‘q, g‘ildirak barcha foydalanuvchilar uchun butunlay bepul.
XPlus obunam bor. G‘ildirak foydalimi? Ha. Yutilgan kunlar mavjud obunangiz muddatiga qo‘shiladi.
Bir necha kun kira olmadim. Bo‘laklarim yo‘qoladimi? 48 soatdan keyin har bir o‘tkazib yuborilgan kun uchun bitta bo‘lak kamayadi. To‘lgan yig‘malar va olingan XPlus saqlanib qoladi.
Bilib qo‘yingXPlus imtiyozlari bilan XPlus: barcha imtiyozlar bir joyda maqolasida tanishishingiz mumkin.


